Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
18 May 2018
16-18 may kunlari poytaxtimizdagi “O’zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuida "Energetika, energiya tejash, muqobil energiya manbalari, elektrotexnika va elektr jihozlari"-“POWER UZBEKISTAN 2018" Xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O’zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, “O’zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati, Savdo-sanoatpalatasi rasmiy ko‘magida ITE Uzbekistan xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi tomonidan tashkil etildi.

 

Mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish borasida yuksak muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. Jumladan, elektr-energetika tarmog‘ini modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash, energiya tejash, yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, energiya ishlab chiqarishdagi eng yangi texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish va sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.


“POWER UZBEKISTAN 2018" xalqaro ko‘rgazmasi energetika tarmog‘ida yangi ishlanmalar va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash hamda sarmoyalarni jalb etishda muhim amaliy ahamiyatga ega. Qamrovi va ishtirokchilari safi tobora kengayib borayotgan mazkur xalqaro anjuman O’zbekistonning energetika majmuasini rivojlantirish va modernizatsiyalash borasidagi boy salohiyatini namoyish etmoqda. Ko‘rgazma stendlarida elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish, muqobil energiya manbalari, energiyani tejash sohasidagi eng yangi yutuqlar, maishiy maqsadlarda qo‘llaniladigan issiqlik, energiya, gaz, suv hisobini yuritish va nazorat qilish asboblari va boshqa ko‘plab mahsulotlar namoyish qilinmoqda.


13 marta o‘tkazilayotgan ko‘rgazmada Avstriya, Ozarbayjon, Belarus Respublikasi, Italiya, Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya AQSh, Turkiya, O’zbekiston, Ukraina kabi jahonning 11 mamlakatini 40ta kompaniyasi o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.
Shu bilan bir qatorda, “POWER UZBEKISTAN 2018" xalqaro ko‘rgazmasi "O’zbekenergo" AJ mutaxassislari uchun jahondagi ko‘plab mamlakatlarning yetakchi tashkilotlari va mutaxassislari bilan o‘zaro tajriba almashish, hamkorlik qilish, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va yangi sarmoyalarni jalb etish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.


Ta’kidlash o‘rinliki, keyingi yillarda "O’zbekenergo" AJ tomonidan yurtimizda energiyani tejash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish borasida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. O’z navbatida, bu jarayon sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, xorijiy mamlakatlar mutaxassislari bilan o‘zaro tajriba almashib, keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishni taqozo etayapti. “POWER UZBEKISTAN 2018" xalqaro ko‘rgazmasi ayni shu jihatlari bilan yanada ahamiyat kasb etadi.

Manba: "O`zbekenergo" AJ axborot markazi
Просмотров: 1226
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech