Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
12 Apr 2019

Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida (MOMIHD) Energetika sektorini muvofiqlashtirish qo‘mitasining (ESMQ) 29-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Delegatlarni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirining o‘rinbosari Sherzod Xo‘jaev, Osiyo taraqqiyot bankining Markaziy va G‘arbiy Osiyo departamenti direktori Ashok Bxargava qutladi.

Tadbir doirasida MOMIHDga a’zo mamlakatlarda davlat korxonalarini isloh qilish, MOMIHD energetika sektorining o‘rta muddatli tezkor strategiyasi hamda mintaqaviy savdo va sarmoyaviy loyihalarga bag‘ishlangan sessiyalar o‘tkazildi.

Yig‘ilish ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining elektr energetikasi sohasini isloh qilish strategiyasi, MOMIHD doirasida energetika tizimiga oid investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va energetika sohasidagi davlat-xususiy sheriklik tizimini amalga oshirish imkoniyatlariga bag‘ishlangan ma’ruzalar bilan tanishdi.

Tadbirda MOMIHD davlatlarida quyosh energetikasini rivojlantirishga bag‘ishlangan alohida sessiya o‘tkazildi. Xalqaro quyosh energiyasi instituti vakili O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiyani rivojlantirish bo‘yicha taqdimot qildi. Shuningdek, Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari delegatlari qayta tiklanadigan energiya sohasi bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishda o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Navbatdagi sessiya MOMIHD mamlakatlarida kichik gidroelektrstansiyalarni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari vakillari kichik gidro loyihalarni amalga oshirish borasida ham o‘zaro fikr almashdi.

Delegatlar, shuningdek, MOMIHD Energetika sektori muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2019 yil uchun mo‘ljallangan ish rejasini muhokama etdi. O‘zbekiston nomidan yig‘ilish qatnashchilari joriy yilning 15-17 may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan "Energetika, energiya tejash va muqobil energiya manbalari - Power Uzbekistan 2019" xalqaro ko‘rgazmasiga taklif etildi.

Qayd etish kerakki, Markaziy Osiyoda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish dasturi Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) tashabbusi bilan 1997 yilda joriy etilgan. Dasturning maqsadi mintaqaviy va ko‘p tomonlama, jumladan, energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish orqali Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy rivojlanishini rag‘batlantirishdan iborat.

MOMIHD yuridik maqomga ega tashkilot hisoblanmaydi va bu norasmiy dastur bo‘lib, barcha, jumladan, dasturni yangi ishtirokchilar hisobidan kengaytirish masalalari tomonlarning roziligi bilan amalga oshiriladi.

Bugungi kunda MOMIHD ishida mintaqaning 11 mamlakati - O‘zbekiston, Xitoy, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mongoliya, Tojikiston, Afg‘oniston, (2005 yildan), Pokiston, Turkmaniston (2010 yildan) va Gruziya (2016 yildan), shuningdek, xalqaro donor tashkilotlar: OTB, Jahon banki, ETTB, XVF, BMT Taraqqiyot dasturi, Islom taraqqiyot banki ishtirok etmoqda.
Manba: Energetika Vazirligi matbuot xizmati
Просмотров: 221

Shaxsiy kabinet

maishiy iste'molchilar uchun
  • Elektr energiyasi uchun to'lov qulaylik
  • SMS to'lovlar xabardor
  • Axborot SMS xabar
  • Nazorat xarajatlar
Kabinetga o`tish
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech