Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Energetika sohasining hozirgi holati va istiqboldagi rivojlanishi to’g’risida

        

“O’zbekenergo” aksionerlik jamiyati O’zbekiston Respublikasidagi elektr energiyasini asosiy ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilardan biri hisoblanadi hamda respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholisining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘la ta’minlamoqda.

Iqtisodiyot rivojining hozirgi bosqichida iste’molchilarning elektr energiyasiga bo‘lgan o‘sib boruvchi ehtiyojini ta’minlash, mavjud elektr stansiyalar va tarmoqlarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, energiya ishlab chiqarishning yuqori samarali texnologiyalari asosida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish, elektr energiyasini hisoblash tizimini takomillashtirish, tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirgan holda yonilg‘i-energetika resurslarini diversifikatsiyalash elektroenergetika sohasining asosiy maqsadi hisoblanadi.

Elektrenergetikani 2021 yilgacha rivojlantirishda elektr-energetikaning barcha faoliyat sohasiga taalluqli 62ta investitsiyaviy loyihani amalga oshirish nazarda tutilgan, ular quyidagilarni ta’minlash imkonini beradi:

elektrenergiya ishlab chiqarish texnologiyalarini yangilashni davom ettirish, tabiiy gazdan foydalanish samaradorligini oshirish, soha mahsulotini ishlab chiqarishda talab etiladigan energiya miqdorini kamaytirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish;

noan’anaviy tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda yonilg‘i-energetika balansi diversifikatsiyasini davom ettirish (shamol va quyosh elektr stansiyalarini barpo etish);

energotizim barqarorligini oshirish maqsadida magistral elektr tarmoqlarining maqbul joylanishini shakllantirish, iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va eksportga yetkazib berishning oshib borayotgan talablarini qondirish;

yagona elektrenergetika tizimi faoliyati va iste’molchilarni elektr ta’minoti barqarorligini oshirish, mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlash.

O’zbekiston elektr energetikasi haqli ravishda respublika iqtisodiyotining asosiy sohalari qatoriga kiradi. U yirik ishlab chiqarish va ilmiy-texnik imkoniyatga ega bo‘lib iqtisodiyot rivoji va xalq farovonligiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.

“O’zbekenergo” AJ elektr energetikasi sohasidagi maxsus vakolatli organ bo‘lib respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholisini markazlashtirilgan holda elektr energiyasi bilan ta’minlaydi, shuningdek respublikaning bir qator shaharlaridagi sanoat va kommunal-maishiy iste’molchilarga issiqlik energiyasini yetkazib beradi.

Ishlab chiqarish texnologik jarayonining, elektr energiyasini taqsimlash va iste’mol qilishning o‘ziga xosligi jamiyat tarkibiga kiruvchi elektr stansiyalar, magistral va taqsimlovchi elektr tarmoqlarini markazlashtirilgan holda boshqarishni saqlash zarurligini taqozo etadi.

O’zbekiston Respublikasi elektr stansiyalarining belgilangan quvvati jami 14,1 mln.kVt dan ortiq bo‘lib, shu jumladan, “O’zbekenergo” AJ tomonidan 13,6 mln.kVt elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda.

2016 yilda respublika bo‘yicha 58,9 mlrd.kVt∙s, shu jumladan, “O’zbekenergo” AJ tomonidan - 56,9 mlrd.kVt∙s elektr energiyasi ishlab chiqarildi, bundan 51,5 mlrd.kVt∙s issiqlik elektr stansiyasi (IES) hissasiga to‘g‘ri keladi, shuningdek 7,5 mln.Gkal issiqlik energiyasi yetkazib berildi.

Elektr energiyasini hosil qiluvchi korxonalardan umumiy uzunligi 8,8 mingdan ortiq bo‘lgan 220-500 kV quvvatli magistral elektr tarmoqlari orqali hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga elektr energiyasini yetkazib berish ishlari “O’zelektrtarmoq” unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.

Elektr energiyasini respublika iste’molchilariga sotish har bir hududiy tuzilmada aksionerlik jamiyati sifatida faoliyat ko‘rsatuvchi 14 ta hududiy taqsimlash-sotish korxonalari tomonidan amalga oshiriladi. Korxonalar balansida umumiy uzunligi 226,2 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish liniyalari va kuchlanishi 110 kV gacha bo‘lgan kichik stansiyalar bor.

Umumiy uzunligi 196 ming kilometrdan ortiq 0,4-6-10 kV kuchlanishli elektr tarmoqlari eng keng tarqalgan bo‘lib, ular orqali elektr energiyasining ko‘p qismi respublika iste’molchilariga yetkazib beriladi.

“O’zbekenergo” AJ loyihalash, qurilish-montaj va sozlash ishlarini bajaruvchi hamda elektr stansiyalari va tarmoqlarining asosiy va yordamchi uskunalarini ta’mirlash va ishlatish bilan shug‘ullanuvchi yagona ishlab chiqarish majmuasi hisoblanadi.

Rivojlangan ishlab chiqarish bazasi va yuqori malakali xodimlarning mavjudligi “O’zbekenergo” AJga foydalanish va energetika sohasidagi qurilish ishlarini yuqori darajada olib borish imkonini beradi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tarkibiy o‘zgarishlar, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va diversifikatsiya qilish bo‘yicha farmoniga muvofiq “O’zbekenergo” AJ da 2017 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan davrda umumiy qiymati 11 mlrd. AQSh dollariga teng 52 ta, shu jumladan issiqlik energetikasida 25 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Issiqlik energiyasi sohasidagi tadbirlarni amalga oshirish energobloklarning foydali ish koeffitsiyenti 55-60 foizgacha yetadigan yuqori samarali bug‘-gaz va gaz-turbina qurilmalari asosidagi zamonaviy energiya ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish imkonini beradi.

“O’zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati shuningdek, elektr energiyasini yetkazib berishni nazorat qilish va hisoblashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bilan respublikaning barcha hududida loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish nazarda tutilgan elektr energiyasini hisoblash tizimini modernizatsiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.

Noan’anaviy tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish sohasida Samarqand, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida quvvati 100 MVt dan bo‘lgan quyosh elektr stansiyalarini hamda Navoiy viloyatida quvvati 102 MVt ga teng shamol elektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan.

Zamonaviy texnologiyalar va energiya tejovchi uskunalarni joriy etgan holda belgilangan dasturni amalga oshirish elektr energiyasini yetkazib berish uchun yonilg‘ining solishtirma sarfini 20 foizgacha kamaytirish bilan elektr energiyasini ishlab chiqarish samaradorligini sezilarli oshirish, qattiq yoqilg‘i ulushini 2016 yildagi 5,2 foizdan 2021 yilda 7,1 foizgacha oshirish bilan yonilg‘i-energetika balansi diversifikatsiyasini amalga oshirish va iste’molchilarning ortib borayotgan elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish imkonini beradi.


Shaxsiy kabinet

maishiy iste'molchilar uchun
  • Elektr energiyasi uchun to'lov qulaylik
  • SMS to'lovlar xabardor
  • Axborot SMS xabar
  • Nazorat xarajatlar
Kabinetga o`tish
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech